Materiallarni yuborish
Materialni yuborish uchun sizga Tizimga kirish yoki Ro'yxatdan o'tish kerak.
Materiallarni jo'natish uchun tayyorlash ro'yxati
Yuborish jarayonining bir bosqichi sifatida mualliflar o'z materiallarining quyidagi barcha fikrlarga muvofiqligini tekshirishlari kerak, agar ular ushbu talablarga javob bermasa, materiallar mualliflarga qaytarilishi mumkin.
-
Hurmatli professor-oʻqituvchilar, tadqiqotchilar!
1. Ilmiy maqolalar “Maqolani taqdim etish shartlari” talablari asosida rasmiylashtirilgandan keyin chop etishga taqdim qilinadi.
2. Jurnalda chop etish uchun maqolalar mualliflardan faqatgina jurnal veb-sahifasi orqali qabul qilinadi.
3. Tahririyatga yoki taqrizchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish, ular bilan muhokama olib borish, ularga telefon qoʻngʻiroqlarini amalga oshirish yoki bosim oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Barcha muloqotlar faqatgina elektron pochta orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
5. Jurnalda chop etish uchun taqdim qilingan ilmiy maqolalar Jurnal tahririyati tomonidan yoʻnalishlar kesimida masʼul soha mutaxassislariga taqriz uchun beriladi.
6. Ijobiy taqriz berilgan ilmiy maqolalar elektron ilmiy jurnalning yangi sonida chop etiladi.
7. Taqrizda jiddiy kamchiliklar koʻrsatilgan ilmiy maqolalar ularning mualliflariga mutaxassislarning izohlari asosida qayta koʻrib chiqish uchun qaytariladi va tuzatishlar kiritilgani holda chop etish uchun qayta hisobga olinadi.
8. Jurnal ilmiy yoʻnalishlariga mos kelmaydigan ilmiy maqolalar chop etilmaydi va muallifga qaytarilmaydi.
9. Ilmiy maqolalar mualliflarining huquqlari Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 20-iyulda qabul qilingan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonun (“Namunaviy hujjatlar” rukniga qarang) asosida himoyalanadi.
Jurnal OAK tomonidan iqtisodiy yoʻnalishda maqolalar chop etish mumkin boʻlgan ilmiy jurnallar roʻyxatiga kiritilgan.
Maqola chop etish tartibi
1. Jurnal quyidagi shartli boʻlimlardan iborat:
- Bank ishi
- Moliya
- Sugʻurta ishi
- Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit
- Investitsiyalar va investitsion faoliyat
- Korporativ menejment va moliya
- Makro va mikroiqtisodiyot
- Soliqlar va soliqqa tortish
- Qimmatli qogʻozlar bozori
- Innovatsion menejment
- Menejment va marketing
- Pensiya ishi
2. Muallif tomonidan taqdim etilayotgan ilmiy maqola mavzusi “Moliya va bank ishi” elektron ilmiy jurnalining “Jurnal boʻlimlari” ruknida keltirilgan yoʻnalishlarning biriga mos kelishi lozim.
3. Maqolalar asosan empirik tadqiqot, keys-stadi, adabiyotlar tahlili va sharh, meta-analiz, nazariya, amaliyot, uslubiyot, professional ilmiy taqriz va boshqa tavsifga ega boʻlishi koʻzda tutiladi.
4. Maqola xalqaro andozalar talabi doirasidagi quyidagi aniq bandlarga ega boʻlishi tavsiya etiladi:
- Maqola mavzusi
Maqola mavzusi imkon qadar qisqa va loʻnda koʻrinishda shakllantirilgan boʻlib, maqolaning tadqiqot yoʻnalishini aniq ifoda etishi lozim.
- Maqola muallifi toʻgʻrisida maʼlumot
Ushbu qismda muallifning ismi-sharifi (otasining ismi bilan), tegishliligi (yaʼni, ish joyi yoki tahsil olish joyi, bunda faqatgina tashkilot nomi yoziladi) elektron pochta manzili va muloqot telefonlari kiritiladi.
- Maqola annotatsiyasi
Maqola annotatsiyasi koʻpi bilan 100 soʻzdan iborat boʻlgan, maqolaning umumiy mazmunini qisqacha tarzda yoritib beruvchi qism hisoblanadi. Maqola annotatsiyasida tadqiqot muammosi, uning dolzarbligi, tadqiqot muammosini ochib berish uchun qoʻllanilgan metodologiya, tadqiqot natijalari, maqolaning toʻla mazmunidan kelib chiqqan holda muallifning ilmiy va amaliy hissasining qisqacha bayoni yoritiladi.
- Kalit soʻzlar
Tayanch soʻzlar maqola mazmuni va maqsadini eng qisqa mazmunda ochib beruvchi kalit soʻzlar hisoblanadi. scholar.google.com yoki google.com qidiruv tizimida maqola oson va eng birinchi sahifalarda topilishi uchun tayanch soʻzlarning har biri asosiy matn tarkibida oʻrtacha 5-10-marta takrorlanishi tavsiya etiladi.
1. Kirish
Kirish qismida asosan tadqiqot muammosi, uning maqsad va vazifalari yoritiladi. Mazkur qism tadqiqot mavzusining tanlanish asosi, uning dolzarbligi va ilmiy ahamiyatini tushuntirib beradi. Bundan tashqari, kirish qismida tadqiqot obyektining qisqacha tavsifi keltiriladi. Keyingi tarkibiy qismlar mazmuni ham aynan kirish qismida qisqacha izohlanadi.
2. Adabiyotlar sharhi (uslubiy materiallar sharhi)
Mavzuga oid adabiyotlar sharhi tadqiq etilayotgan muammo yuzasidan muallifning bilim va tasavvurlarga ega ekanini namoyon etuvchi qism hisoblanadi. Adabiyotlar sharhi mavjud intellektual hudud doirasini baholash va shu asosda maʼlum xarita yaratishni anglatadi. Adabiyotlarning sharhida tanqidiy tahlil amalga oshirilib, uning maqsadi mazkur mavzu doirasidagi bilimlarni kuchaytirish va tadqiqot savollarini yanada oydinlashtirish hisoblanadi. Oʻz mazmuniga koʻra har qanday tadqiqot ayni shu sohada yaratilgan avvalgi bilimlar negiziga quriladi. Adabiyotlar boʻyicha tahlil asosan sohadagi eng yangi jurnal maqolalari va boshqa turdagi maʼlumot manbalari asosida amalga oshadi (mavzuga oid maqolalarni kalit soʻzlar yordamida www.scholar.google.com qidiruv tizimidan topish mumkin).
3. Tadqiqot metodologiyasi
Tadqiqot metodologiyasi tadqiqotning eng muhim qismlaridan biri boʻlib, u oʻtkazilayotgan tadqiqotning umumiy xaritasi, tadqiqot yoʻli va manzilga (natijaga) olib boruvchi xaritaviy chizgilari hisoblanadi. Tadqiqot metodologiyasi tadqiqot falsafasi va yoʻnalishini belgilash, tadqiqot dizayni, yaʼni tadqiqot muammosining yechimiga olib boruvchi bosh rejasini tuzish, tadqiqot uchun zarur axborotni olish yoʻllari va tadqiqot etikasini belgilash, tadqiqot obyektining tanlovi (sampling), birlamchi yoki ikkilamchi maʼlumot manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar, tadqiqot strategiyasini (kuzatish, eksperiment, keys-stadi, savolnoma, etnografik, arxiv tadqiqot va h.k.) aniqlash boʻyicha ratsional qaror qabul qilish asosida qoʻyilgan muammoning aniq yechimiga olib chiquvchi yoʻlni belgilashni anglatadi. Metodologiya qismining mukammalligi tadqiqot uchun belgilangan yoʻlning ishonchliligi (reliability) va aniqliligini (validity) asoslash orqali namoyon boʻladi.
4. Tahlil va natijalar muhokamasi (maqola mazmunidan kelib chiqib adabiyotlar sharhiga qoʻshilishi ham mumkin).
Tadqiqotning tahlil qismi tadqiqot metodologiyasida avvaldan belgilab olingan tahlil usullari (matematik modellar va boshqalar) orqali yigʻilgan maʼlumotlarning tahlilini amalga oshiradi. Bunda faqatgina tahlil usulining natijalari ifoda etiladi; topilgan natijalar boʻyicha muhokama maqolaning keyingi qismining vazifasi hisoblanadi.
Tahlil qismi natijalari mavzuga oid adabiyotlar tahlili natijalari va xulosalariga taqqoslash hamda shaxsiy fikrlar orqali muhokamasini nazarda tutadi. Ushbu qism tadqiqot natijalarini izohlash vazifasini bajaradi.
5. Xulosa va takliflar
Tadqiqotning maqsad, vazifalarining anglashilganligi hamda tadqiqot savollarining oʻz javobini topganligi, tadqiqotning asosiy natijalariga va tadqiqotning umumiy jarayoniga umumiy xulosalar, shu bilan birga, takliflar va ayni tadqiqotdan kelib chiqqan holda kelajak tadqiqot ishi yoʻnalishlari maqola xulosa va takliflari qismining asosini tashkil etadi.
- Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
Bu qism tadqiqotda foydalanilgan barcha adabiyotlarning roʻyxatini eʼlon qiladi. Maqolada foydalanilgan barcha havolalar bu qismda alifbo ketma-ketligida Garvard shakli talablarida qayd qilinadi:
mualliflar ismi-sharifi, (yili), kitob nomi, nashr manzili (Rossiya, Oʻzbekiston va h.k.), nashriyot nomi;
mualliflar ismi-sharifi, (yili), maqola nomi, jurnal nomi, nashri, soni, betlari.
5. Maqola matni shrifti “Times New Roman”da, 14 kegelda boʻlib, qatorlar oraliqlari masofasi 1 intervalda boʻlishi tavsiya etiladi. Maqola matni sahifasining barcha (oʻng, chap, yuqori va quyi) tomonidan 2 santimetrdan iborat masofa qoldiriladi. Maqolaning maksimal hajmi cheklanmagani holda, eng minimal hajmi 1800 ta soʻzdan kam boʻlmasligi tavsiya etiladi.
6. Maqolada jadval nomlari uning yuqori qismida, rasmlar nomlari ularning quyi qismida beriladi.
7. Maqola ichida beriluvchi havolalar Harvard shakli (Harvard style) talablari asosida quyidagicha beriladi:
Yagona muallifli maqola uchun (Familiya, yili) – masalan (Ahmedov, 2014);
Ikki muallifli maqola uchun (Familiya va Familiya, yil) – masalan (Ahmedov va Sobirov, 2013);
Ikkitadan ortiq muallifli maqola uchun (Familiya va boshq., yil) – masalan (Ahmedov va boshq., 2013);
Bir nechta alohida maqolalar uchun (Familiya, yil; Familiya, yil… (alifbo tartibida)) – masalan (Ahmedov, 2014; Sobirov, 2013; …)
8. Maqolalar oʻzbek, rus, yoki ingliz tillarida taqdim etilishi mumkin.
9. Belgilangan talablarga javob bermaydigan maqolalar taqrizchilarga taqdim etilmaydi va tahririyatning talablarga javob bermaslik haqidagi xulosasi bilan muallifga qayta ishlash uchun qaytarib yuboriladi.
Maxfiylik bayonoti
Ushbu jurnal veb-saytiga kiritilgan ismlar va elektron pochta manzillari faqat ushbu jurnalda ko'rsatilgan maqsadlarda foydalaniladi va boshqa maqsadlarda foydalanilmaydi yoki boshqa shaxslar va tashkilotlarga berilmaydi.